Maktab yangiliklari

Vazirlikda bir qator tayinlovlar amalga oshirildi

Joriy yilning 23-sentyabr kuni madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov raisligida sohaga oid dolzarb masalalar muhokama qilinib, amalga oshirilayotgan islohotlar tahlil etildi. Madaniyat vazirligida o‘tkazilgan yig‘ilishda vazirlik markaziy apparati vakillari hamda tizim tashkilotlari rahbarlari oflayn va onlayn formatda ishtirok etdi.

Yig‘ilishda sohaga oid qaror va farmonlar, shuningdek, hukumat topshiriqlari ijrosini ta’minlash, belgilangan vazifalarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Vazir Ozodbek Nazarbekov sohada boshlangan islohotlarni izchil davom ettirish, madaniyatning jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish, yangi tashabbuslarni ishlab chiqish va amalga oshirishda yuqori salohiyatli kadrlarni jalb etish muhimligini ta’kidladi.

“Prezidentimizning tegishli qaror va farmonlari, shuningdek, hukumat topshiriqlari ijrosini ta’minlash, sohada boshlangan islohotlarni izchil davom ettirish har birimizdan yuksak mas’uliyat va intizomni talab etmoqda.Shu bois, so‘nggi vaqtlarda vazirlik tizimida kadrlar siyosatiga yangicha yondashilmoqda. O‘z sohasining bilimdoni, tajribali va yuksak salohiyatga ega mutaxassislar asosiy yo‘nalishlar boshqaruviga jalb etilmoqda”, — dedi vazir.

Yig‘ilish davomida tashkiliy masalalar ham ko‘rib chiqilib, vazirlikning qator mas’ul lavozimlariga tayinlovlar amalga oshirildi.

Jumladan:

Ahmedov Shahrishod Burxonovich — Vazir maslahatchisi — Moliya-iqtisodiyot departamenti boshlig‘i; (Tayinlovga qadar, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat hokimiyati, boshqaruv, sud va prokuratura organlari faoliyatini moliyaviy ta’minlash departamenti Respublika ijro etuvchi organlar faoliyatini moliyaviy ta’minlash bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.)

Rahimov Komiljon Botirovich — Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘limi boshlig‘i; (Tayinlovga qadar, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi bosh direktori o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.)

Iminov Asadulla Abdulatipovich — Ichki audit bo‘limi boshlig‘i; (Tayinlovga qadar, Madaniyat vazirligining Ichki audit bo‘limi bosh mutaxassisi lavozimida faoliyat yuritgan.)

Yusupova Sanobar Maqsadovna — Yuridik bo‘lim boshlig‘i; (Tayinlovga qadar, Toshkent davlat tibbiyot universiteti yuridik bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.)

Jo‘rayev Otabek Alimovich — Teatr va sirk san’ati sohasini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i; (Tayinlovga qadar, Madaniyat vazirligi huzuridagi Xalqaro festivallar direksiyasi direktori o‘rinbosari-badiiy rahbari lavozimida faoliyat yuritgan.)

Qodirov Shohruhmirzo Ramzovich — Kinematografiya sohasi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i; (Tayinlovga qadar, Madaniyat vazirligining Ijodkor yoshlar bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi lavozimida faoliyat yuritgan.)

Kulaximedov Bekxo‘ja Kembay o‘g‘li — Investitsiyalarni jalb qilish va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i; (Tayinlovga qadar, Madaniyat vazirligining Investitsiyalarni jalb qilish va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi lavozimida faoliyat yuritgan.)

Jonibekov Azizbek Ashurovich — Xo‘jalik ishlari bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. (Tayinlovga qadar, Madaniyat vazirligining Xo‘jalik ishlari bo‘limi bosh mutaxassisi lavozimida faoliyat yuritgan.)

Vazir yangi tayinlangan rahbarlarga mas’uliyatli faoliyatida muvaffaqiyat tilab, ularning soha rivojiga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, yig‘ilishda yangi tayinlangan rahbarlarning faoliyatiga oid ustuvor vazifalar ham belgilab berildi.

Moliya-iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha 2026–2030-yillarda ajratiladigan mablag‘ning o‘z vaqtida ajratilishi va maqsadli sarflanishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish, 2027-yildan respublika byudjetidan moliyalashtirish tizimini yo‘lga qo‘yish hamda investitsiya va grantlarni jalb qilish mexanizmlarini rivojlantirish vazifalari belgilandi.

Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘limiga kadrlar siyosatiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, yuqori bilim va salohiyatga ega mutaxassislarni tizimga jalb qilish, hududiy madaniyat bo‘limlari rahbarlari bilan bog‘liq kadrlar masalalarini belgilangan tartibda tashkil etish, shuningdek, xodimlarni mahalliy va xorijiy malaka oshirish dasturlariga keng jalb etish topshirildi.

Teatr va sirk san’ati yo‘nalishida nodavlat teatr va teatr-studiyalar sonini 2028-yilda 50 taga yetkazish, teatr sohasida xususiy sektor ishtirokini oshirish, nodavlat teatrlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini amaliyotga joriy etish hamda sohadagi tegishli qarorlar ijrosini kuchaytirish vazifalari belgilandi.

Kinematografiya sohasida 103-son Farmonda belgilangan vazifalarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish, kino sohasini rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini takomillashtirish hamda “O‘zbekfilm” faoliyatiga oid belgilangan vazifalar ijrosini muvofiqlashtirish topshirildi.

Investitsiyalarni jalb qilish va davlat-xususiy sheriklik yo‘nalishida barcha hududlarda bittadan bolalar musiqa va san’at maktabini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish, “Madaniyat mehmonxonasi” madaniy klasterlari bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish, DXSH asosida tashkil etiladigan madaniyat markazlari bo‘yicha ishlarni jadallashtirish vazifalari qo‘yildi.

Yuridik bo‘limga madaniyat sohasiga oid qonunchilikni takomillashtirish, jumladan, “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi hamda “Mualliflik to‘g‘risida”gi qonunlarni takomillashtirish, “Kinematografiya to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish ishlarini jadallashtirish topshirildi.

Xo‘jalik ishlari bo‘limiga tizim tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlarini tashkil etish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy qilish hamda madaniyat muassasalarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash vazifalari yuklatildi.

Yig‘ilish yakunida barcha mas’ul rahbarlarga belgilangan vazifalar ijrosini qat’iy nazoratga olish, zarur hollarda tegishli bo‘limlar bilan hamkorlikda ish olib borish topshirildi.