Joriy yilning 13-iyun kuni poytaxtdagi “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tasarrufidagi ta’lim muassasalarining yillik hisobot konserti bo‘lib o‘tdi. Madaniyat va san’at sohasida faoliyat yuritayotgan yosh iste’dodlarning yutuqlari namoyish etilgan ushbu tadbir ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
Hisobot konserti avvalida madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov so‘zga chiqib, mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, yosh avlodning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda sifatli ta’lim muhitini yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, u vazirlik tasarrufidagi ta’lim muassasalari tomonidan erishilayotgan yutuqlar, xalqaro va respublika miqyosidagi tanlovlarda qo‘lga kiritilayotgan natijalar yoshlarning iste’dodi va ustozlarning fidokorona mehnati samarasi ekanini ta’kidladi. Barcha o‘quvchi va talabalarni erishgan muvaffaqiyatlari bilan tabriklab, ularga kelgusi ijodiy faoliyatlarida ulkan zafarlar tiladi.
Hisobot konsertida respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan vazirlik tizimidagi ta’lim muassasalarining 500 nafarga yaqin o‘quvchi va talabalari ishtirok etdi. Dastur davomida milliy va jahon mumtoz musiqasi namunalari, folklor va estrada yo‘nalishidagi kuy-qo‘shiqlar, raqs kompozitsiyalari hamda teatr sahnalashtirishlari namoyish etildi. Yosh ijodkorlar o‘z mahorati va ijodiy salohiyatini keng jamoatchilikka namoyon etib, tomoshabinlarga unutilmas taassurotlar ulashdi.
Tadbir Madaniyat vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ta’lim-tarbiya jarayonlari, yoshlarning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning amaliy natijasi sifatida e’tirof etildi.
Ta’kidlash joizki, respublika miqyosida vazirlik tasarrufidagi barcha ta’lim muassasalari o‘quvchi va talabalarini qamrab olgan bunday keng ko‘lamli hisobot konserti ilk bor tashkil etildi. Mazkur loyiha yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy tajriba almashishiga imkon yaratish hamda madaniyat va san’at ta’limi tizimidagi yutuqlarni keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda vazirlik tizimida jami 367 ta ta’lim muassasalari faoliyat yuritmoqda. Shundan, 326 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 29 ta ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktabi, maktab-internatlar, 9 ta oliy ta’lim muassasasi va filiallar, 2 ta qayta tayyorlash va malaka oshirish markazi, shuningdek, 1 ta oliy maktab faoliyat yuritmoqda. Ushbu muassasalarda jami 108 ming nafardan ortiq o‘quvchi va talaba tahsil olmoqda, 18 mingdan ziyod pedagog va professor-o‘qituvchilar mehnat qilmoqda.