Maktab yangiliklari

“Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z”

Ushbu kunlarda yurtimizda keng nishonlanayotgan Navro‘z asrlar qa’ridan bizgacha yetib kelgan umumxalq bayramlardan biridir. Bu bayramda insonlar tabiatning kosmik jarayoniga o‘z munosabatini bildiradi. Atrof-muhit bilan hamohanglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va rahmdil bo‘lish, bag‘rikenglik, do‘stlik va hamjihatlik ushbu qadimiy bayramning ruhi va falsafasini o‘zida mujassam etganini alohida ta’kidlash lozim.

Joriy yilning 18-mart kuni maktabimizda Navroʻz bayrami munosabati bilan ko‘tarinki ruhda konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Bayram tadbiri milliy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan holda, barcha ishtirokchilarga unutilmas taassurotlar ulashdi.

Konsert dasturi karnay-surnay va doira sadolari ostida boshlandi. Jarchilar tomonidan yangragan samimiy tilaklar va ezgu so‘zlar bayramga alohida fayz bag‘ishladi. Folklor jamoalarining chiqishlari esa milliy urf-odat va an’analarimizni yana bir bor namoyon etdi.

Shuningdek, sahnada turli musiqiy nomerlar, dilbar qo‘shiqlar va jozibador raqslar ijro etilib, tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Har bir chiqish o‘ziga xosligi va betakrorligi bilan ajralib turdi.

Mazkur bayram dasturi nafaqat o‘quvchilar, balki ustozlar va mehmonlar qalbida ham iliq taassurotlar qoldirdi.